edumusic.uz

Edumusic platformasi

Asosiy / Ijrochilik sirlari

IJROCHILIK SIRLARINI TALABALARGA O’RGATISH USULLARI

Musiqa san’atining olami juda keng. Uzoq o’tmishdan boshlangan sehrli ohanglar ummoni asrlar davomida juda ulkan merosga aylangan. Tarix davomida musiqa san’atining behisob namunalari shakllanib, avloddan-avlodga o’tib, rivojlanib keldi. O’z ravnaqi jarayonida esa, musiqa turlarga bo’linib, muayyan xususiyatlar doirasida alohida-alohida janrlarga ajratilgan. Ijodiyot esa ana shu janrlar negizida amalga oshirilib, rivojlanib keldi.

 

Yosh avlodni milliy istiqlol g‘oyalari ruhida tarbiyalash, qadriyatlarimizni va milliy musiqa madaniyatimizni har qachongidan chuqurroq o‘rganish, hamda xalqimizning o‘zligini anglash, o‘z urf-odatlarini saqlay bilishi, ularni tiklab, avaylab, e’zozlab, yangi o‘sib kelayotgan yosh avlodga yetkazib berish bugungi kunning muhim masalalaridan biri hisoblanadi. Yosh avlodni milliy-ahloqiy qadriyatlar ruhida tarbiyalashning muhim vositalaridan biri sifatida ularni har taraflama estetik badiiy did sohibi bo‘lib yetishishida milliy musiqa merosining cholg‘uchilik san’ati orqali tanishtirib borish alohida ahamiyat kasb etadi. Rubob nafaqat O‘zbekistonda, O‘rta Osiyo xalqlarida ham keng tarqalgan. Bu cholg‘uda milliy kuylar bilan bir qatorda, barcha chet el kompozitorlari tomonidan yozilgan har jihatdan murakkab asarlarni ham moxirona ijro etish mumkin. Biz quyida talabalarni mustaqil mashg’ulot qilishga o’rgatish usullari haqida tavsiyalar beramiz.

 

Talaba o‘z o‘qituvchisining ko‘rsatma va fikrlariga ko‘r ko‘rona ergashib bo‘ysunishi emas, balki biror masala yuzasidan o‘zining shaxsiy munosabatini ijro orqali bildira olishi kerak. O‘qituvchi rahbarligida o‘tiladigan darsning ahamiyati katta, lekin bu ish o‘quvchining mustaqil ishlari muhimligini inkor etmaydi, O‘quvchining mustaqil mashg‘ulotiga sarf bo‘layotgan vaqtini bekor o‘tkazmasligini o‘rganib borish kerak. Buning uchun o‘quvchiga mustaqil mashg‘ulotni qanday tashkil qilish, nimalarga ko‘proq e’tibor berish kerakligini tushuntirish lozim. Vaqtdan ratsional va umumli foydalanish mustaqil ishlash asosi prinsiplaridan biri bo‘lishi zarur. Asosiy prinsiplaridan yana biri mashg‘ulotning muntazamligidir. Ijroni o‘rgatishning dastlabki davridan boshlab o‘quvchida muntazam mustaqil ishlashni ko‘nikmasini hosil qilish zarur. Odatda, muntazamlikka erishish qiyin bo‘lsa ham, bunday mashg‘ulotlar asta-sekin odat tusiga ko‘rib borishi maqsadga muvofiqdir. Ayrim o‘quvchilarning uyga berilgan vazifani tayyorlay olish hollarini ham uchratamiz. Buning sababini bir so‘z bilan tushuntirish qiyin. Lekin ko‘p hollarda uy vazifasi tayyor emasligining sababi o‘quvchining darsga bo‘lgan yomon munosabati yoki dangasaligida emas, balki vazifani oxirigacha tushunib etmasligi, musiqa asarini o‘rganishga qanday yondoshish kerakligini bilmasligidadir. Shu sababli mustaqil ishlash uchun berilayotgan vazifa o‘quvchiga batafsil tushuntirilishi, o‘quvchining imkoniyatlarini hisobga olgan holda aniqlashtirilishi lozim. Ba’zi o‘quvchilar mustaqil mashg‘ulot paytida berilgan musiqa mashqlarni   boshidan oxirigacha ko‘p marotaba takrorlayveradilar. Bunda musiqa asarining ma’nosini va o‘ziga xos xususiyatlari to‘la va aniq tahlil qilinmaydi. Asar o‘quvchi oldida ijro etib bera olish uchungina yuzaki takrorlanadi.

 

Mustaqil shug‘ullanishdagi mashg‘ulotlarning kamchiliklardan yana biri o‘quvchilar vazifani tayyorlash jarayonida o‘z ijrolarini nazorat qila olmasliklaridir. Masalan, musiqa asarining teksti yod olinishida biror nota noto‘g‘ri o‘rganiladi va buni o‘quvchining o‘zi sezmaydi. Yoki ma’lum bir ijro usuli noto‘g‘ri bajariladi va bu ham o‘quvchining nazaridan chetda qoladi. Bunday kamchilik dars paytida o‘qituvchi tomonidan bartaraf etiladi. Ijro paytida o‘zining harakatlari, tovushlarning to‘g‘riligini nazorat qilish ko‘nikmasi o‘quvchilarda o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi, balki reja ravishda olib borilgan mashg‘ulotlar evaziga erishiladi. O‘z o‘zini nazorat qilishning ijrochi uchun ahamiyati juda katta, u orqali ijrodagi kamchiliklarga barham berish mumkin. Mustaqil mashg‘ulot qanday tuzilishi kerak va nimalardan iborat bo‘ladi? Yuqorida aytib o‘tganimizdek, mustaqil mashgulot uchun berilgan vazifa qanchalik aniq, konkret bo‘lsa, o‘quvchining vazifasi shuncha osonlashadi. Mustaqil mashg‘ulot qanday kechishidan qat’i nazar, uni ma’lum reja asosida olib borish yaxshi natija beradi. Quyida mutaqil mashg‘ulotlarning tahminiy tuzilishi va vaqtini keltiramiz: 1. Gamma, uch tovushliklar va turli mashqlarni ijro etish 10-15 daqiqa. 2. Yangi berilgan vazifani o‘zlashtirish 15-20 daqiqa. 3. Dam olish uchun 5 daqiqa. 4. Oldin o‘rganilgan vazifalarni takrorlash 20-25 daqiqa. Keltirilgan vaqtlar me’yori taxminiy bo‘lib, uni belgilashda o‘quvchining individual imkoniyatlarini hisobga olgan holda vazifalar hajmining katta-kichikligiga qarab kamaytirish yoki, aksincha, ko‘paytirish mumkin. Mustaqil mashg‘ulot uchun keltirilgan taxminiy vaqtning jami 45-60 daqiqani tashkil etyapti. Bu bir qarashda kamdek ko‘rinishi mumkin. Ammo mashg‘ulotlar muntazam ravishda davom ettirilsa, ko‘zlangan natijaga bemalol erishish mumkin. Musiqa asarini yod olishni har bir sozanda qobiliyati va imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda amalga oshiradi. Bu borada hamma uchun yagona ko‘rsatma bo‘lishi qiyin. Ba’zi sozandalarda tekstni ko‘rib eslab qolish qobiliyati kuchliroq bo‘lsa, boshqalarida eshitib eslab qolish qobiliyati kuchli. Shu sababdan ham asarni yod olish ishida ularning metodlari turlicha bo‘ladi. Muhimi, musiqa asari qaysi bir metod bilan yod olinishidan qat’i nazar, u sozandaning yodida mustahkam o‘rnashib qolishidir. Hozirgi paytda o‘quv yurtlaridagi o‘zlashtiriladigan ma’lumotlar miqdorining ortib borishi, kam vaqt sarf qilib ko‘proq natijaga erishishni taqozo etadi. O‘quvchilarning mustaqil mashg‘ulotlari muvaffaqiyatli bo‘lishiga o‘qituvchi rahbarligida sinfdagi darsni shu mustaqil mashg‘ulotga yaqinlashtirib o‘tish yordam beradi. Bunda o‘quvchi barcha vazifalarni mustaqil bajaradi va o‘qituvchi kerak bo‘lgandagina o‘z ko‘rsatmalarini beradi. O‘qituvchining mustaqil mashguloti kunning qaysi vaqtiga mo‘ljallanishi kerak? Bunday mashgulot vaqtini belgilash o‘quvchining kun tartibiga bog‘liq. Agar o‘quv yurtidagi mashg‘ulotlar asosan kunning birinchi yarmida bo‘lsa, mustaqil mashg‘ulot kunning ikkinchi yarmida o‘tkaziladi. muhimi, mustaqil mashg‘ulot har kuni bir vaqtda o‘tkazilishi. Uy vazifasini bajarishning bir qator muhim tomonlari bo‘lib, bularni o‘quvchi esda tutishi zarur. Shulardan ba’zilarini ko‘rib chiqamiz: Musiqa asari o‘quvchi tomonidan avvalo to‘g‘ri tushunilishi, ya’ni asar mohiyati to‘gri ochilishi asosiy vazifa qilib qo‘yilishi kerak. Oldin aytib o‘tilganidek, asar ma’nosini to‘g‘ri tushunishda ijro uslublarining tanlashishi, belgilarga rioya qilish, applekaturaning to‘g‘ri qo‘yilishi kabi masalalar muhim ahamiyatga ega. O‘quvchining mustaqil mashg‘ulotlari paytida uning diqqat-e’tibori albatta biror konkret vazifani bajarishga qaratilishi kerak. Aks holda mashg‘ulot quruq ma’nosiz kechib, hech qanday natijaga erisha olmaslik mumkin. Ba’zi o‘quvchilar musiqa asarini o‘zlashtirish davrida nota tekstiga ko‘proq e’tibor berib, ijroning ifodali bo‘lishi kerakligini unutib qo‘yadilar. Shu kamchilikning oldini olish maqsadida o‘quvchilarning diqqat markazida doimo ijroni ifodali bajarish vazifasi turishi shart. Boshqacha aytganda, o‘quvchilar asar tekstini o‘zlashtirishga qancha kuch sarf qilishsa, ijroning ifodali chiqishiga ham shuncha e’tibor berishlari kerak. O‘quvchi biror xatoga yo‘l qo‘ygan paytda, shu bo‘lakni vazmin tezlikda diqqat bilan qayta takrorlashi kerak. Shunda yo‘l qo‘yilgan xatoning sababini to‘g‘ri aniqlab, shu xatoga boshqa yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘radi. O‘quvchilar ijrosidagi xatolar ham bir-biridan farq qiladi. Ayrim holatlarning qaytarilishi o‘quvchilarda odat tusiga kirib, asarning ma’lum qismida hato deyarli har safar takrorlanaveradi. Bunga sabab toto‘g‘ri tanlangan applikatura, ijro usuli yoki boshqa bir kamchilik bo‘lishi mumkin. Bunday xatolarning kelib chiqish sababini to‘g‘ri aniqlash uni bartaraf etishning garovidir. Xatolar tasodifiy xarakterga ega bo‘lsa ham, ularga yo‘l qo‘ymaslik lozim. Xatolar qanday bo‘lishidan qat’i nazar o‘quvchi o‘zining mustaqil mashg‘uloti paytida ularni bartaraf etish choralarini topishni o‘zining asosiy maqsadlaridan biri qilib qo‘yishi kerak. Cholg‘u ijrosi bilan shug‘ullanish natijasida o‘quvchi ham aqliy, ham jismoniy charchashi sababli uning dam olishiga bir oz vaqt ajratilishi kerak. Aks holda ijroning sifati yomonlashib, xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilishi mumkin.